Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

 

 

DEHQON BOZORLARIDAGI AYRIM TOVARLARNING O‘RTACHA NARXLARI, 1 KG. SO‘MDA (2020-YIL 1-IYUN HOLATIDA)

1 / 17
Navli bug‘doy uni - 4 619
2 / 17
Guruch - 8 096
3 / 17
Kartoshka - 4 711
4 / 17
Karam - 1 310
5 / 17
Pomidor - 5 690
6 / 17
Bodring - 3 801
7 / 17
Sabzi - 1 795
8 / 17
No‘shpiyoz - 1 748
9 / 17
Olma - 12 377
10 / 17
Mol go‘shti - 48 225
11 / 17
Qo‘y go‘sht - 45 331
12 / 17
Tovuq go‘shti - 18 008
13 / 17
Turli baliqlar - 22 500
14 / 17
Yangi sog`ilgan sut (litr) - 3 513
15 / 17
Sariyog‘ - 50 596
16 / 17
Tuxum(10 dona) - 8 206
17 / 17
Tandir non (dona) - 2 825

 

 

Faqat taxminlarga tayanib ish ko‘rgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgo‘ylik maʼlum jabhalardagina zarur. Aniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish o‘rinsiz. Ayniqsa, hozirgi tez o‘zgarib borayotgan zamonda! Bugun biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini ro‘yxatga olish haqida. Xo‘sh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda ko‘p gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi ro‘yxatga olinmaganmidi?

 

Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-o‘char qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo go‘sht, falon litr yog‘, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yog‘sizroq, kimgadir sergo‘shtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yo‘l tutasiz. O‘g‘lingiz yo qizingizni biror to‘garakka bermoqchisiz? Bu o‘rinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!

 

Endi savol tug‘iladi: qanday qilib bu borada to‘g‘ri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va to‘liq maʼlumotlar bazasi bor!

 

Aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar zaruratini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda xonadonlar issiq bo‘lishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna ko‘mir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Farg‘onada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tug‘uruq yoshidagi ayol bor va mavjud tug‘uruqxonalardagi o‘rinlar soni ana shu ko‘rsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari, asosan, qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq o‘chmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Andijonda nechta oila bitta xonadonda yashaydi? Toshkent shahrida, aslida, qancha kishi istiqomat qiladi?..

 

Ko‘ryapsizmi, aholini ro‘yxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!

 

Biroq yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bog‘liq. Shu bois ham azaldan donolarimiz yetti o‘lchab, bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!

 

Jondor tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

Sh. Xodjayev

 

 

Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor Miloddan avvalgi III ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan.

Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

Finlyandiyada XVI asrdanoq aholi soni ro‘yxatini olib borish boshlangan. Davlatning maqsadi birinchi o‘rinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha davrda Shvetsiya o‘zining Sharqiy qismi bo‘lgan Finlyandiyani qo‘shganda ham aholisi kam, kambag‘al davlat edi. Binobarin, yirik maʼmuriy apparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmat majburiy bo‘lgan, soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki to‘g‘risidagi maʼlumotlar ham muntazam yuritilgan.

Aholi ro‘yxatida joylashgan va butun Finlyandiyani o‘z ichiga olgan axborot tarkibi o‘zining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Axborot bazasi mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va eʼtiborga loyiq maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi. Fuqaro to‘g‘risidagi eng muhim maʼlumot uning ismi va familiyasi, tug‘ilgan joyi va sanasi hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) hamda yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumot ham muhimdir.

XVIII asr o‘rtalaridan aholini o‘rganishga qiziqish ortadi. Avstriya, Niderlandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, AQSHda odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.

Nufusni universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQSHda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi. O‘shanda o‘n yetti nafar politsiya xodimi mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob to‘plashdi: uy egasining to‘liq nomi, o‘n olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar, o‘n olti yoshdan kichik bo‘lgan ozod oq tanli erkaklar, ozod oq tanli ayollar, boshqa ozod shaxslar va qullar soni.

O‘ttiz yil o‘tgach, Italiya, Ispaniya, Angliya, Irlandiya, Avstriya, Fransiyada ro‘yxatga olish vaqti keldi. 1851 yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat, Rossiyada aholi ro‘yxatga olindi.

Zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlandi. Osiyoning qator mamlakatlarida, shuningdek, Afrikada aholini ro‘yxatga olish o‘tkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq edi. O‘tgan asrning 70-yillarida Yaman, BAA, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholi ro‘yxatdan o‘tkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.

 

Buxoro shaxar statistika bo‘limi boshlig‘i

A. Narziyev

 

 

Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda bu jarayon har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.

Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan edi.

Amaldagi joriy hisobga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra respublikamiz doimiy aholisi soni 33 905,8 ming kishi bo‘lib, shundan shahar aholisi soni 17 118,4 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,5 foiz), qishloq aholisi soni 16 787,4 ming kishini (49,5 foiz) tashkil etadi. Jami aholimizning 50,2 foizi erkaklar (17 036,1 ming kishi), 49,8 foizi ayollar (16 869,7 ming kishi)dir.

2019 yil davomida respublika bo‘yicha tug‘ilgan bolalar soni 815,9 ming nafar, vafot etganlar 155,0 ming kishi ekanligi qayd qilingan. Respublika hududlari kesimida, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida 3878,0 ming kishini (respublika jami aholisi sonidagi ulushi 11,4 foiz), Farg‘ona viloyatida 3752,0 ming kishini (11,1 foiz) va Qashqadaryo viloyatida 3280,1 ming kishini (9,7 foiz) tashkil etdi.

Aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, bandligi, yoshi, jinsi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.

Mamlakatimizda 1989 yildan keyin hali biror marta ham aholini ro‘yxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.

Nihoyat, BMT 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozir MDH davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, O‘zbekistonda ham! Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Olot tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

N. Jumayev

 

Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi? Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil maʼlumot to‘planadi.

Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq maʼlumotlar shakllantiriladi.

Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar hamda bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.

Chunonchi, aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu maʼlumotlar nihoyatda qo‘l keladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.

 

Buxoro tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

K. Xasanov

Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi.

Birinchisi — tayyorgarlik bosqichi.

Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.

Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va eʼlon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Ikkinchisi — asosiy bosqich.

Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.

Mamlakatimizda 2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri anʼanaviy usulda, yaʼni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish imkoniyati ham yaratiladi, aniqrog‘i, xohlovchilar o‘zlari uylaridan yoki masofadan turib, maxsus dastur orqali savolnoma varaqalarini to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Uchinchisi – yakuniy bosqich.

Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi bosqichda esa olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman eʼlon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.

Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita masʼul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.

Aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga hamda maʼlumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlar uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) eʼlon qilinishi belgilangan. Chora-tadbirlar dasturiga asosan, 2024 yil 1 dekabrga qadar aholini ro‘yxatga olish natijalari rasman eʼlon qilinadi hamda aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.

Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturarjoylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Qisqacha aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

 

Vobkent tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

J. Asrorov

 

OVOZ BERISH
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang:
 
A'lo
Yaxshi
Qoniqarli
Yomon

Tugmani bosing Tinglash