Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

2019 yil 28 fevral kuni Milliy matbuot markazida “Inflyatsiya: mohiyati, sabablari va namoyon bo`lish shakllari hamda iqtisodiyotdagi o`rni” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Tadbirda, Davlat statistika qo`mitasi rahbariyati, markaziy apparat tarmoq boshqarmalari boshliqlari, Toshkent viloyat va Toshkent shahar statistika boshqarmalari xodimlari, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi o`qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, Inflyatsiya - bu barcha tovar va xizmatlarga bo`lgan narxlarning ko`tarilishidir. Inflyatsiya darajasini hisoblashda asosan narxlarning o`sish dinamikasini ifodalovchi ko`rsatkichlardan foydalaniladi. Inflyatsiyani hisoblashda asosiy ko`rsatkich - narx indeksi hisoblanadi.

Iste`mol narxlari indeksi (INI) – inflyatsiya darajasini ifodalaydigan asosiy ko`rsatkichlardan biri bo`lib, o`rtacha iste`molchi xarid qiladigan tovar va xizmatlarning o`zgarmas to`plami qiymatining umumiy o`zgarishini hisoblaydi, ya`ni ma`lum davr mobaynida, tovar va xizmatlar iste`moli miqdorining o`zgarmas bo`lgan holida, aholining iste`mol xarajatlari umumiy miqdorining o`zgarishini ifodalaydi. Iste`mol narxlari indeksida, mamlakatning barcha hududlari bo`yicha turli tovar va xizmatlar narxlarining harakati o`rtacha darajaga keltiriladi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, 2018 yilning yanvar-dekabr oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o`rtacha 14,9 % ga qimmatlashdi. Bu esa o`z navbatida umumiy INIning o`sishiga 6,4 foiz darajasida (keyigni o`rinlarda f.d.) ta`sir etdi. Non (28,5 %), go`sht (21,7 %), sut (12,9 %) va meva-sabzavot (4,7 %) mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi natijasida INI o`rtacha 5,5 f.d.ga oshishiga olib keldi. 

Nooziq-ovqat tovarlari narxlarining 12,5 % ga oshgani INIning 4,4 f.d.da o`sishiga olib keldi. Kiyim-kechak, poyabzal, gazlama va eshilgan iplar, qurilish mollari, dori-darmonlar, avtomobillar uchun yoqilg`i va yoqilg`i mahsulotlari, shaxsiy gigiena mahsulotlari narxlarining oshishi jami INIning 20,4 %  ga teng bo`ldi yoki inflyatsiyaning umumiy o`sishiga 3,5 f.d.da ta`sir qildi.

Shuningdek, mamlakat aholisiga xizmat ko`rsatish bo`yicha narxlar va tariflar yil davomida o`rtacha 15,8 % ga oshdi, bu esa, INIni umumiy 3,5 f.d.da o`sishiga olib keldi. Ushbu sohadagi asosiy inflyatsiya omillari aloqa xizmatlari tariflarini 11,7 % ga, sport xizmatlari 15,5 % ga, maishiy xizmatlar 12,2  % ga, uy-joy kommunal xizmatlari 25,6 % ga, yo`lovchi tashish transport xizmatlari 14,8 % ga, ta`lim xizmatlari 17,0 % ga o`sib, INIni umumiy o`sish sur`atiga 3,0 f.d.da ta`sir ko`rsatdi.

Matbuot anjumanida ta`kidlanganidek, Narxlar statistikasi boshqarmasi tomonidan har oyning yakunida inflyatsiya darajasi, narx-navo ko`rsatkichlariga oid ma`lumotlar qo`mitaning www.stat.uzrasmiy saytida, infografika roliklari ko`rinishida “O`zbekiston 24” hamda “O`zbekiston” teleradiokanallarida shuningdek Davlat statistika qo`mitasining Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi va Telegram messenjerida guruhi orqali foydalanuvchilar e`tiboriga havola etib kelinmoqda.

Shuningdek, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan muntazam ravishda mamlakatning yetakchi oliy o`quv yurtlarida o`tkazilayotgan seminarlar va davra suhbatlarida ham Inflyatsiya darajasi ko`rsatkichlariga oid ma`lumotlar e`lon qilinib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Yuqoridagilar qatorida, matbuot anjumani davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari bo`yicha qiyosiy statistik tahlillar taqdim etildi.

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash