Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

                                                                          Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi PF–5780-son Farmoniga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga iqtisodiyot va sanoat vazirining hududlarni, shu jumladan, Sirdaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimini qicqartirish hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining oʻrinbosari – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 28 nafardan iborat boʻlgan (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Agentlik direktori ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi oʻrinbosarga ega;

Agentlik direktorining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining ijrochi direktori hisoblanadi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma);

Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

Agentlik kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilishi mumkin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmalari tuzilmalarida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining oʻrnatilgan umumiy boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatining hududlarda faoliyat yuritayotgan xodimlari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda ishlaydigan, boshqaruv xodimlarining shtat birligi 49 nafardan iborat kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻlimlari tashkil etiladi.

4. Agentlik:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nomoliyaviy yordam turlarini hamma sohalarda kengaytirish, shu jumladan, biznes yuritish asoslari va sohadagi qonun hujjatlari, tadbirkorlik faoliyatining xavf-xatarlarini baholash koʻnikmalarini oʻrgatish orqali tadbirkorlarning kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida muvofiqlashgan tarzda ishtirok etishini, ularning malakasini oshirish, stajirovkalar va boshqalar tashkil etilishini taʼminlasin;

tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalaniladigan uskunalarning texnik xususiyatlari, oʻzini qoplash muddati, mahalliy xom ashyo bilan taʼminlanishi, sarflanadigan materiallar hisob-kitobi va bozorlar, shu jumladan, xorijiy bozorlar bahosini oʻz ichiga olgan elektron katalogini shakllantirsin, keyinchalik salohiyatli loyihalar va biznes tashabbuslarini tanlab olish jarayoni samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida ular Agentlik va tijorat banklarining veb-saytlariga joylashtirilsin.

5. Jamgʻarmani boshqarish kengashining Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasiga oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan 7 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini qoʻshimcha ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktoriga Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari hisobidan ularning xizmatlariga haq toʻlagan holda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish huquqi berilsin.

6. Kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyaviy yordam olish haqidagi arizalarini koʻrib chiqish boʻyicha elektron hujjat aylanish sxemalari 2 va 3-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarma hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami toifalarining roʻyxatini tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tizimli ravishda kichik biznes va tadbirkorlikni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish sohasida iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha tumanlar va shaharlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari, bandlik va mehnat munosabatlari, iqtisodiyot va sanoat, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklarining tuman boʻlimlari rahbarlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida oʻquv kurslarini, shu jumladan, masofadan turib oʻqitish shaklidagi kurslarni tashkil etsin.

9. Jamgʻarma quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tadbirkor” axborot tizimini yaratish va ishga tushirishda buyurtmachi sifatida belgilansin:

tijorat banklari va Jamgʻarma oʻrtasida elektron hujjat aylanishi, shu jumladan, elektron raqamli imzo yordamida maʼlumot almashish;

yaratiladigan avtomatlashtirilgan dasturiy taʼminotni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasining axborot tizimlari bilan integratsiyalash;

tijorat banklarining kreditlari boʻyicha elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonchnoma va kafolatlar, shuningdek foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish toʻgʻrisida elektron shartnomalar tuzish;

tijorat banklari va ularning mijozlariga Jamgʻarmaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida kredit buyurtmalarini koʻrib chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish imkoniyatini berish.

10. Jamgʻarma:

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda oʻzida loyiha qiymati va tegishli ishlarni moliyalashtirish manbalarini aks ettirgan holda, “Tadbirkor” axborot tizimini tashkil etish, texnik qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha texnik hujjatlarning ishlab chiqilishini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” davlat unitar korxonasiga kelishish uchun kiritilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ishlarni moliyalashtirishga amaldagi mablagʻ ajratilgan sanadan boshlab 6 oy muddatda “Tadbirkor” axborot tizimining yaratilishi va ishga tushirilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 10-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa donor tashkilotlarning grantlari jalb etilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Agentlikning joylashtirilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

a) ikki hafta muddatda belgilangan tartibda Agentlik va Jamgʻarma xodimlarining shtat jadvalini tasdiqlasin;

b) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

Agentlik va Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomlarning loyihalarini;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin;

v) Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, shu jumladan, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha palataga xos boʻlmagan funksiya va vazifalarni tegishli organlarga berish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti   Sh.MIRZIYOYEV

 

 

 

O'zA
Tugmani bosing Tinglash