Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech
Buxoro viloyati turizm sohasida katta salohiyatga ega. Bundan foydalanib, 2021 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 2 barobar koʻpaytirish, turizm xizmatlari tushumini 350 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokidagi yigʻilishda bu masalaga alohida toʻxtalib, tegishli vazifalarni belgilab berdi. Buning uchun avvalo zamonaviy mehmonxonalar barpo etish, transport infratuzilmasini yaxshilash zarurligini taʼkidladi.
 
Joriy yilda Buxoro shahridagi “Buxoro-palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinib, 32 ta yangi mehmonxona, 9 ta motel va 50 ta mehmon uylari foydalanishga topshiriladi. Natijada mehmon oʻrni 7 mingtaga yetib, turistlarni qabul qilish imkoniyati qariyb 2 barobar koʻpayadi.
 
Gʻijduvon – Kogon yoʻnalishidagi 122 kilometr yoʻlni taʼmirlash, “Yetti pir” ziyoratgohlari oʻrtasida qulay va zamonaviy transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, xalqaro halol standartini keng joriy etish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.
 
Davlatimiz rahbari aviaqatnovlar sonini oshirish, Samarqand, Xiva, Shahrisabz shaharlari bilan avtobus va poyezdlar qatnovini koʻpaytirish orqali Buxoroni “sayohatlar chorrahasi”ga aylantirish lozimligini taʼkidladi.
 
Shuningdek, “Buxoro tarixi” muzeyini qurish, koʻngilochar maskanlar, hunarmandlar markazlari va Buxoroning eski shahar qismida turistlar piyoda sayr qiladigan yoʻnalishlar tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
 
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
 
Tugmani bosing Tinglash