Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Buxoro shahrida O'zbekiston Savdo- sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan turli tashkilotlar bilan hamkorlikda mini texnologiyalar yarmarkasi tashkil etildi

Tadbir mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida o'tkazildi.

Unda 50 dan ortiq ta'minotchi korxonalar 1000 dan ziyod har xil turdagi, jumladan tikuv mashinalari, parrandachilik, asalarichilik, santexnika jihozlari, motokultivatorlar, payvandlash apparatlari, hunarmandchilik, temirchilik, duradgorlik uchun zarur bo'lgan asbob -uskunalar, viloyatimizda ishlab chiqarilgan “Lochin” yuk mototsikllari va boshqa texnikalarni taklif etishdi.

Ular oilaviy biznesini yo'lga qo'yish niyatida bo'lgan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Darvoqe, kam ta'minlangan oilalar, ishsizlar, ijtimoiy soha muassasalari xodimlari, kollej bitiruvchilari uchun tashkil etilgan yarmarkada jami 8500 nafardan ziyod fuqarolar qatnashdi.

Yana muhim jihati, tadbirda Xalq banki, “Asaka bank”,”Turon bank”, “Mikrokredit bank”, “Ipoteka bank”, O'zsanoatqurilish bank” va boshqa moliya-kredit muassasalar filiallari o'z xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun keng imkoniyat yaratishdi.

Yarmarka doirasida 641 nafar fuqaro va yetkazib beruvchi tashkilotlar o'rtasida jami 12,1 milliard so'mlik, jumladan, kam ta'minlangan oilalarga mansub 293 nafar mijozlar bilan 2,5 milliard so'mlik shartnomalar tuzildi

E'tiborli jihati shundaki, kam ta'minotli oilalarning vakillariga shu yerning o'zida tuzilgan shartnomaga ko'ra, tegishli asbob- uskunalar topshirildi.

Ma'lum bo'ldiki, qatnashchilar orasida non qandolatchilik va tikuvchilikka qiziquvchilar ko'pchilikni tashkil etdi.

- Anchadan buyon tikuvchilik mini sexini ochishni orzu qilib kelayotgandim, -deydi yarmarka qatnashchilaridan biri Yulduz Murodova. - Lekin moliyaviy imkoniyatim cheklangan edi. Yarmarka tufayli muammom hal bo'ldi. “Ipoteka bank”ajratadigan 30 million so'm miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga yetkazib beruvchi tashkilot bilan 10 ta tikuv mashinasini xarid qilish bo'yicha shartnoma tuzdim. Qisqasi, hademay, oilaviy biznesimni boshlayman.

Ta'kidlash kerak, Buxoro shahrida har bir xonadonda xususiy biznesni yo'lga qo'yishga ko'maklashishda maqsadida “Har bir oila tadbirkor” dasturi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, 2019 yilda ishbilarmonlik istagida bo'lgan fuqarolarga imtiyozli, ya'ni 8 foizli kredit mablag'lari ajratilyapti.

Hozirda shaharda 438 nafar jismoniy shaxsga 14 milliard so'm, jumladan, kam ta'minlangan 201 oila vakillariga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun 683,1 million so'm miqdorida kredit mablag'lari berilgan.
Yarmarkada viloyat hokimi O'.Barnoev ishtirok etdi.

Tugmani bosing Tinglash