Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Buxoro viloyati Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

2021- YIL 1- MAY HOLATIDA DEHQON BOZORLARIDAGI AYRIM TOVARLARNING O'RTACHA NARXLARI

1 / 17
Navli bug‘doy uni - 4870
2 / 17
Guruch - 8682
3 / 17
Kartoshka - 4088
4 / 17
Karam - 2094
5 / 17
Pomidor -11441
6 / 17
Bodring - 9837
7 / 17
Sabzi - 2950
8 / 17
No‘shpiyoz - 1944
9 / 17
Olma - 11113
10 / 17
Mol go‘shti - 57621
11 / 17
Qo‘y go‘sht - 53547
12 / 17
Tovuq go‘shti - 20092
13 / 17
Turli baliqlar - 23317
14 / 17
Yangi sog`ilgan sut (litr) - 3902,91
15 / 17
Sariyog‘ - 51258
16 / 17
Tuxum(10 dona) - 10118
17 / 17
Tandir non (dona) - 2879

Korrupsiya – jahondagi har qanday davlatda fuqarolarning tinchligi va xotirjamligi, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazuvchi, inson huquqlari buzilishiga olib keluvchi, iqtisodiy bozor munosabatlariga to‘sqinlik qiladigan o‘ta xavfli illatlardan biridir. Ya’ni, jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanmas ekan, davlatning iqtisodiy, siyosiy salohiyati zaiflashadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kamsitiladi.

Mamlakatimizda mazkur muammoga qarshi kurash masalasiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza shakllantirildi. E’tirof etish joizki, davlat soliq xizmati organlarida korrupsiya holatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda uning oldini olish, ushbu illatni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etilishini hamda ijrosi monitoringini ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Joriy yil 4 yanvardan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi

Har bir qonun yaxshilikni ko‘zlab, ezgu maqsadda qabul qilinadi. Ayrim qonunlar o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra davlat va jamiyat taqdiri, xalq kelajagi, har birimizga daxldor bo‘ladi. Milliy parlamentimiz tomonidan qabul qilinib, 3 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.

6 bob va 34 moddadan iborat ushbu qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar va me’yorlar belgilangan.

Korrupsiya nima? Bu haqda hammaning o‘ziga xos tasavvuri, tushunchasi bor, albatta. Qonunda unga shunday ta’rif berilgan: «korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish».

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qonun bilan yaqindan tanishish, uning har bir moddasini chuqur o‘rganib, hayotimizga tatbiq etishga intilish, sodda qilib aytganda, korrupsiya balosining naqadar mudhish illat ekanini tushunish, mustaqil idrok etish, eng muhimi, unga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Dunyoda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda ko‘p. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. Turli ko‘rsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, o‘ziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar va izlanishlar izchil davom etmoqda.

Ijtimoiy-tarixiy vaziyat, fuqarolarning huquqiy dunyoqarashi, davlat tuzilishi, iqtisodiy rivojlanish omillaridan kelib chiqib, har bir davlat korrupsiyaga qarshi o‘ziga xos usullarda kurashmoqda. Bu borada eng samarali yo‘l hali topilgan emas. Chunki korrupsiya bir qarashda oddiy jinoyat bo‘lib ko‘ringani bilan aslida uning kelib chiqishi va yashovchanlik sabablari juda chigal va murakkabdir.

 Bir davlatda natija bergan usul boshqa davlatda u qadar samara ko‘rsatmasligi mumkin. Shuning uchun har bir davlat va jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lini o‘zi tanlaydi, aniqrog‘i, qanday yo‘l to‘g‘ri ekanini hayot ko‘rsatadi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari ko‘zda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas.

Korrupsiya so‘zi «sotish», «sotilish» degan ma’nolarni ham anglatar ekan. Rahbar yoki mas’ul kishi qanday qilib korrupsiyaga qo‘l uradi? Bunga qanday omillar sabab bo‘ladi?.. Bu savollarga javob har xil bo‘lishi mumkin. Lekin shunisi aniqki, sotadigan, sotiladigan odam hech bir vazifani ko‘ngildan bajarmaydi.

 Korrupsiyaga aloqador odam qonunni buzishidan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodi, ma’naviyati qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam nafaqat moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni, demokratiyani behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilmu hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplarini belgilashda bunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash masalasi qat’iy hisobga olingan.

Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qo‘l urgan odam uchun ulug‘ narsalar, mo‘tabar tuyg‘ularning qadri yo‘qoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb o‘ylaydi. Ular hech kimga, imon-e’tiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani inonib bo‘lmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, yoru birodarlari, mahalla-ko‘yning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.

Qonunga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilishi belgilangan. Ushbu komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi qayd etilgan. Bu me’yor korrupsiyaga qarshi kurashning doimiy va izchil tus olishida muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyamizga muvofiq Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir.

Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi. Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida qonun qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb o‘ylash, xotirjamlikka berilish katta xato bo‘ladi. Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz o‘ylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan o‘tkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak.

Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qo‘ydirish va hokazo vaziyatlarda o‘zimizni munosib tutishimiz lozim bo‘ladi.

To‘g‘ri, hayotda turli holatlar va harakatlarga duch kelamiz. Ba’zida ko‘z o‘ngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb belgilanishi, shu munosabat bilan joriy etilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar fuqarolar chorasiz qolganida yordamga keladi. Olis qishloqlardagi murojaatlarning ham ovozi eshitiladi.

Odamlarning tabiatiga o‘xshab rahbaru mas’ullar ham har xil bo‘ladi. «Jamoada hamma qulaylik o‘zim uchun, bu tashkilot menga bir paytlardagi xizmatlarim, farog‘atda yashamog‘im uchun berilgan, marhamat, qolganlar aravasini o‘zi amallab tortaversin» qabilida tor va eskicha o‘ylaydigan, «oldi-berdi»ni faoliyatining bir qismi deb tushunadigan, demokratik qonun-qoidalarni yetarlicha idrok eta olmaydigan rahbarlar ham yo‘q emas. Shuning uchun qonunda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish choralari ko‘zda tutilgan.

Qonunda belgilanganidek, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiyani kuchaytirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri ishlab, to‘g‘ri yashash saodatini bolalikdan, yoshlikdan o‘rgangan odam mard va halol bo‘ladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib bo‘lmasligini o‘qib-uqqan, poraxo‘rlik va korrupsiyaga, suiiste’molchilikka qarshi o‘zida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jur’atli, vijdonli inson bo‘lib yetishadi.Qonunga, tartib-qoidalarga hurmat saqlab, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli bo‘lmasligini, hech kimga buyurmasligini, yaxshilik emas, yomonlik va kulfat keltirishini tushunadi.

Bir yosh kadr mas’uliyatli vazifaga kelsa, amalga ega bo‘lsa, bundan ota-ona, qarindosh-urug‘ qanchalik quvonadi?.. Bu tabiiy va ezgu tuyg‘u, albatta. Lekin ba’zi noto‘g‘ri, zararli illatlar, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay yo‘l qo‘yib beriladigan odatlar ham borki, ularni aslo esdan chiqarmasligimiz kerak. Gohida shunday bo‘ladiki, yaqinlar, og‘a-inilarning «o‘g‘lim yoki og‘ayni, mana, ishlayapsanku, opangni uzatilayotgan qiziga durustroq sovg‘a bergin, amakingning yetmay turgan mashina puliga yordam qilib yuborgin, qiynalib yuribdi...» qabilidagi istak va xohishlar yosh kadrlarni buzadi, boshini aylantirib qo‘yadi. Yaqinlariga hurmat yuzasidan bechora o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urishga, noqonuniy ish qilishga, oson pul topishga harakat qiladi. Istab-istamay, boshi berk ko‘chaga kirib qoladi, korrupsiya tuzog‘iga ilinadi.

Qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilikdan davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solinmasligi kerak. Qandaydir manfaat ortidan bog‘langan rishta, do‘stlik, aka-ukachilik uzoqqa cho‘zilmaydi, hech kimga hurmat olib bermaydi. Bunga hayotdan ko‘plab misollar topish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda, davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda, fuqarolarga tezkor va xolis axborot yetkazishda ommaviy axborot vositalariga erkinlik berish, demokratik islohotlar jarayonida ularning nufuzi va mavqeini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish masalalari qonunda alohida belgilab qo‘yilgan.

Ommaviy axborot vositalarining erkin va dadil faoliyatisiz jamiyat hayotini demokratlashtirish, odamlarni mustaqil fikrlab yashashga undash, hozirgi kunda suv va havodek zarur bo‘lgan jamoatchilik nazoratini izchil yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Butun dunyoda davlatning demokratiyani hurmat qilishiga, xalqning salohiyati va madaniyatiga matbuot erkinligi, odilligiga qarab ham baho beriladi. Albatta, bugun bu haqiqatni ko‘pchiligimiz yaxshi tushunamiz va tan olamiz.

Shu o‘rinda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasining yana bir tomoniga e’tibor qaratsak. Nobop, «muomala qilish», «kelishish»ga moyil rahbar yoki boshqa bir mas’ul nafaqat tashkilotga, jamiyatga, ishchi-xodimlarga ziyon yetkazadi, balki bunday odam bilan tashkilotning, jamoaning, ayniqsa, yosh kadrlarning vaqti, umri behuda o‘tadi. Rahbar hammaga o‘rnak bo‘lib, halol ishlab, fidoyilik ko‘rsatish o‘rniga, yig‘ilishlarda bir gapni gapirib, o‘zi butunlay teskarisini qilsa, undan yosh kadrlar nimani o‘rganadi? Qanday o‘rnak oladi?.. Korrupsiyaga qarshi kurashish yana shunisi bilan muhimki, mazkur jarayonlarda ishchi-xodimlar, yoshlar halol ishlash, ishonch va vakolatga munosib xizmat bilan javob qaytarish zarur, degan tushunchaga tayanib faoliyat yuritishni o‘rganadi. Har qanday vaziyatda mard odam, baribir, halol bo‘ladi, degan e’tiqodda sobit turadi.

Shu sababli ham so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlar, kichik biznes subyektlariga «yagona darcha» tamoyili orqali xizmat ko‘rsatilyapti, yagona portal orqali davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etilyapti. Qonun hujjatlariga, davlat tashkilotlarining ish faoliyatiga ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash nuqtai nazaridan o‘zgartirishlar kiritilyapti va boshqa ko‘plab yangiliklar joriy qilinyapti. Bularning barchasi korrupsiya balosini bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bunday yondashuvni jon-dili bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Dunyo kun sayin, soat sayin rivojlanyapti. Davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikning tezkor, yangidan-yangi ufqlari ochilyapti, milliy iqtisodiyotlar o‘zaro chambarchas bog‘langan holda yuksalmoqda, taraqqiy etmoqda. Bugun har qanday davlat boshqa davlatlar bilan izchil hamkorlik qilmasdan, oqilona investitsiya va resurslarga tayanmasdan, jahonga chiqmasdan, ayni paytda dunyoga eshiklarini keng ochmasdan, odamlar bemalol ishlaydigan ishonchli makonga aylanmasdan yuqori natijalarga erisholmaydi.

Erkin faoliyat yuritishga keng yo‘l ochib berilgan, inson huquqlari, qonuniy manfaatlari qat’iy himoya qilinadigan mamlakatning ostonasidan odam arimaydi, bunday davlat dunyoning turli nuqtalaridan ishbilarmonlar talpinadigan yurtga aylanadi.

So‘nggi vaqtlarda jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalarini yanada jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qonunlar, Prezident qaror va farmonlari ana shu ezgu maqsadga qaratilganini anglash qiyin emas. Turizmni rivojlantirish, dunyoning ko‘plab davlatlaridan yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun viza rejimini bekor qilish yoki sud-huquq tizimini takomillashtirish, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yoxud tadbirkorlikka keng erkinlik berish, turli byurokratik to‘siq va g‘ovlarni yo‘q qilish haqidagi hamda boshqa bir qancha qaror va farmonlar odamlarning yo‘lini ochishga, O‘zbekistonimizning jozibasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun bu boradagi islohotlar yanada izchil tus olishiga sharoit yaratmoqda, xalqimizda katta umid uyg‘otmoqda.

                                             KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH                              

    Oʼzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashishga doir qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar boʼyicha huquqiy tushuntirish berildi.
Dastlabki hujjatlardan biri sifatida, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 247-sonli “Xususiy mulk va tadbirkorlikni korruptsiya, reket va uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlaridan himoya qilishning tashkiliy chora-tadbirlari toʼgʼrisida” qarori (Qabul qilingan sana 11.05.1994, Kuchga kirish sanasi 11.05.1994) hisoblanadi. Ushbu hujjatga asosan, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tuzilmalarida korruptsiya va reketga va terrorchilikka qarshi kurash boshqarmalari tashkil etilgan.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga (Nьyu-York, 2003 yil 31 oktyabrь) Oʼzbekiston Respublikasining qoʼshilishi toʼgʼrisida” Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni (Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni, №OʼRQ-158, Qabul qilingan sana 07.07.2008, Kuchga kirish sanasi 19.07.2008) qabul qilingan. Unga koʼra, mazkur konventsiyaga Oʼzbekiston oʼz bildirishlar, bayonotlar va shartlar bilan qoʼshilgan. Jumladan, Konventsiyaning 6-moddasining 3-bandi, 42-moddasining 1 va 3-bandlari, Konventsiya 44-moddasining 6-bandi, Konventsiyaning 46-moddasi 13 va 14-bandlari, 66-moddasiga qoʼshilgan.
2015 yil 25 dekabrda Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vaziri “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korruptsiyaga qarshi ekspertizasini oʼtkazish uslubiyotini tasdiqlash toʼgʼrisida” 384-mh-sonli buyrugʼi qabul qilingan (Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan 2015 yil 25 dekabrda 2745-son bilan davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan). Ushbu uslubiyotda, huquqni qoʼllash jarayonida korruptsion koʼrinishlarga olib kelishi mumkin boʼlgan korruptsiyaviy omillarni aniqlash yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarining, vazirliklar, davlat qoʼmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarining, shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va ularning loyihalarini korruptsiyaga qarshi ekspertizasini oʼtkazishning tartibini belgilandi.
2017 yil 3 yanvarь kuni “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi OʼRQ-419-sonli Qonun qabul qilingan (Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda maʼqullangan). Ushbu qonun 6 bob, 34 moddadan iborat hisoblanadi. Mazkur qonun bilan korruptsiyaga qarshi kurashishning umumiy qoidalari, korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qoʼyish, javobgarlikning muqarrarligi hamda yakunlovchi qoidalar belgilangan.
2017 yil 2 fevralь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2752-sonli ““Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan, 2017-2018 yillarga moʼljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi (Dastur 5 boʼlim, 51 banddan iborat), Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha respublika idoralararo komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzildi hamda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha respublika idoralararo komissiyasi toʼgʼrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5379-sonli “Oʼzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni (Qabul qilingan sana 14.03.2018, Kuchga kirish sanasi 15.03.2018), Oʼzbekiston Respublikasi “Davlat xavfsizlik xizmati toʼgʼrisida”gi Qonuni (№OʼRQ-471, Qabul qilingan sana 05.04.2018, Kuchga kirish sanasi 06.04.2018) korruptsiyaga qarshi kurashish yoʼnalishidagi muhim hujjatlar hisoblanadi.
2019 yil 27 may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5729-sonli “Oʼzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni (Qabul qilingan sana 27.05.2019, Kuchga kirish sanasi 29.05.2019) qabul qilindi. Ushbu farmon bilan, 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq (Dastur 4 boʼlim, 35 banddan iborat), Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi, Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʼyicha maxsus komissiya 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzildi. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari boʼyicha qoʼmita tashkil etildi.
2020 yil 29 iyunь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4761-sonli “Oʼzbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida”gi qarori (Qabul qilingan sana 29.06.2020, Kuchga kirish sanasi 30.06.2020) qabul qilindi. Аgentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 50 ta shtat birligi miqdorida belgilanib, ulardan 10 ta shtat birligi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, 40 ta shtat birligi esa Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantirildi hamda ilovaga muvofiq uning tuzilmasi tasdiqlandi.
Shuningdek, 2020 yil 29 iyunь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6013-sonli “Oʼzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmoni (Qabul qilingan sana 29.06.2020, Kuchga kirish sanasi 30.06.2020) qabul qilindi. Farmon bilan Oʼzbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi, bundan tashqari Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʼnalishlari, tartibi, huquqlari belgilandi.
2019 yil 5 iyulь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qoʼmitasining 78-sonli buyrugʼi qabul qilinib, ushbu buyruq ilovasi bilan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika koʼmitasi tizimida 2019 yilda korruptsiyaga karshi kurashish boʼyicha idoraviy Kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Ushbu kompleks chora-tadbirlar rejasi 4 boʼlim va 34 banddan iborat boʼlgan.
2019 yil 9 iyulь kuni Buxoro viloyat Statistika boshqarmasining 73-I-sonli buyrugʼi qabul qilinib, ushbu buyruq ilovasi bilan Buxoro viloyat Statistika boshqarmasi va uning tizimida 2019 yilda korruptsiyaga karshi kurashish boʼyicha idoraviy Kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Ushbu kompleks chora-tadbirlar rejasi 4 boʼlim va 23 banddan iborat boʼlgan.
2020 yil 14 yanvarь kuni 01/2-01-26-2 raqam bilan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qoʼmitasining Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha idoraviy komissiyasi raisi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika koʼmitasi tizimida 2020 yilda korruptsiyaga karshi kurashish boʼyicha idoraviy Kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Ushbu kompleks chora-tadbirlar rejasi 4 boʼlim va 30 banddan iborat boʼlgan.

RASMIY STATISTIKA

 

 

Tugmani bosing Tinglash