Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar oʻrtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi targʻibot materiali” tanlovi oʻz yakuniga yetdi.



Shu munosabat bilan, joriy yilning 24-aprel kuni tanlov gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda tanlov gʻolibi deb topilgan 12 nafar OAV vakillari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda va Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan maxsus tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Taʼkidlash joizki, jurnalistlar va blogerlar tomonidan tayyorlangan maqolalar, reportajlar hamda boshqa targʻibot materiallari jamiyatda roʻyxatga olish jarayoniga nisbatan ishonchni mustahkamlash, uning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va aholining faol ishtirokini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir davomida xalqaro tashkilotlar vakillari hamda soha mutaxassislari OAV xodimlarining milliy ahamiyatga ega ushbu tadbirni yoritishdagi masʼuliyati, xolis yondashuvi va kasbiy mahoratini yuqori baholadilar.







