10/06/2026

Baʼzan inson bitta xatoni yashirish uchun yana bir xatoga qoʻl uradi. Natijada esa, muammodan qutulish oʻrniga uni yanada ogʻirlashtirib qoʻyadi. Jinoyat ishlari boʻyicha Kogon tuman sudida koʻrilgan bir ish ham ana shunday voqealardan biri boʻldi.

Fuqaro Ergashev Ergash Jumayevich (ism sharifi oʻzgartirilgan) avtomashinani spirtli ichimlik taʼsiri ostida boshqargan holda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan toʻxtatilgan. Tekshiruv jarayonida uning mastlik holati aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy hujjatlar rasmiylashtirilgan. Avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Ammo haydovchi qonun talablariga boʻysunish oʻrniga masʼul xodimni pul bilan koʻndirishga uringan.

U avval xizmat vazifasini bajarayotgan inspektorga pul taklif qilgan. Inspektor uning harakatlari jinoyat ekanligini tushuntirib, bunday taklifdan voz kechishini aytgan. Biroq fuqaro oʻz niyatidan qaytmay, jarima maydonchasida maʼmuriy choralarni bekor qilish va avtomashinasini chiqarib berish evaziga pul berishni taklif qilishda davom ettirgan. Keyinchalik tezkor tadbir davomida u inspektorga 300 AQSH dollari miqdorida pora bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Eʼtiborlisi, mazkur holatda insonni sud kursisiga olib kelgan asosiy omil mast holda transport vositasini boshqargani emas, balki oʻz qilmishining oqibatlaridan qochish uchun qonunni pul bilan yengib oʻtishga boʻlgan urinish boʻlgan. Aslida esa qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda hech qanday mablagʻ insonni javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Sudda ayblanuvchi Ergashev Ergash Jumayevich (ism sharifi oʻzgartirilgan) oʻz aybini toʻliq tan oldi va qilmishidan pushaymon ekanini bildirdi. Sud jinoyat ishini har tomonlama oʻrganib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 2 (ikki) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bu voqea barcha uchun muhim saboqdir. Chunki ayrimlar hali ham porani muammoni hal qilish vositasi deb oʻylaydi. Vaholanki, pora hech qachon muammoni hal qilmaydi. U faqat yangi muammo, yangi javobgarlik va yangi pushaymonlikka sabab boʻladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlarning vazifasi emas. U har bir fuqaroning ongi, vijdoni va qonunga boʻlgan hurmati bilan bogʻliq. Halollikni tanlagan jamiyatda adolat qaror topadi. Adolat qaror topgan jamiyatda esa taraqqiyot mustahkam boʻladi.

Zero, qonunni chetlab oʻtish uchun berilgan har bir pora, avvalo, insonning oʻz kelajagiga qarshi qilingan xato qadamdir. Shuning uchun ham har qanday vaziyatda qonun yoʻlini tanlash — eng toʻgʻri qaror hisoblanadi.

 

 

Q.I.Xolov
Jinoyat ishlari boʻyicha Kogon tuman sudining raisi

 

Oʻ.Shodiyev
Buxoro viloyati statistika boshqarmasi bosh yuristkonsulti

Tugmani bosing Tinglash GSpeech